Реклама
» O'QUVCHILARNING ODOB – AXLOQQA OID MAJBURIYATLARI

O'QUVCHILARNING ODOB – AXLOQQA OID MAJBURIYATLARI:

 

a) Ta'lim muassasasi hududida:

maktabga mashg'ulotlar boshlanishidan 10-15 daqiqa oldin, ta'lim muassasasi Ustavida belgilangan o'quvchilar libosi (formasi)da kelish; toza va orasta kiyinish, saranjom-sarishta yurish, sochlarni ozoda va tartibga keltirilgan holda tutish (o'g'il bolalar sochlarining uzunligi me'yor (2-3 sm)dan oshmasligi, qiz bolalarning ixcham zirakdan tashqari boshqa taqinchoqlarni taqmasligi lozim); chiqindilarni faqat maxsus belgilangan idishlarga tashlash; ustozlar va maktab mehmonlari bilan uchrashganda salom berish; o'quv mashg'ulotlari vaqtida hududda sababsiz yurmaslik; ta'lim muassasasi mulki (parta, stol, stul, doska, o'simliklar, hayvonot dunyosi va hokazolar)ga ehtiyotkorona munosabatda bo'lish; maktab yo'laklarida tinchlikni saqlash, baland ovozda gaplashmaslik; maktabga o'quv-qurollari, dars jadvalida belgilangan darsliklar va daftarlar bilan kelish (o'quvchilar uchun mo'ljallangan papka tutishi, kundalik daftarining bo'lishi, ma'naviyatga zid rasmlar tushirilgan yozuv daftarlaridan foydalanmasligi); narkotik va psixotrop moddalar, alkogol va tamaki mahsulotlarining iste'mol qilinishi hamda tarqatilishiga yo'l qo'ymaslik.

b) Dars vaqti (sinf xonalari)da:

dars jarayoniga xalal beradigan harakatlar qilishdan saqlanish; uyali aloqa vositalarini o'chirib qo'yish; dars vaqtida o'rinsiz gaplashmaslik; jihozlarni asrab-avaylash, partalarga, stol va stullarga chizmaslik; qog'oz va boshqa keraksiz narsalarni qoldirib ketmaslik; ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslik.

d) Tanaffusda:

      tanaffusdan unumli foydalanish; o'z o'qish joyini toza saqlash va tartibga keltirish; navbatdagi dars bo'ladigan xonaga o'z vaqtida o'tish; fan o'qituvchisining ko'rsatmasi bo'yicha sinfni kelgusi darsga tayyorlash; katta tanaffus vaqtida navbatchi o'quvchilar tomonidan sinf xonasining tozaligini ta'minlash.

e) Maktab oshxonasida:

ovqatlanishdan oldin va keyin qo'llarini yuvish; umumiy ovqatlanish joylarida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilish; taomlarni olishda «navbatga turish» tartibiga rioya qilish; tirbandlik holatida ustozlar, yosh bolalar va qizlarga hurmat ko'rsatish; ovqatlanish vaqtida shovqin solmaslik; issiq va suyuq ovqatlarni olishda va iste'mol qilishda ehtiyotkorlik ko'rsatish; oshxonadan olingan ovqat va ichimliklarni oshxonaning o'zida iste'mol qilish; ovqatlangandan so'ng idishlarni yig'ishtirib qo'yish.

f) Maktab kutubxonasi va axborot resurs markazi (ARM)da:

kutubxona va ARM xodimlari bilan xushmuomalada bo'lish; kitoblar va jihozlarga ehtiyotkorona munosabatda bo'lish; baland ovozda so'zlashmaslik va boshqa kitobxonlarga xalaqit bermaslik; qog'oz va boshqa chiqindilarni qoldirib ketmaslik; kitoblarni olish va topshirish tartib-qoidalariga rioya qilish.

g) Sport majmualarida:

sport majmuasiga xos bo'lgan kiyim va poyabzallarda kirish; sport inventarlaridan oqilona va samarali foydalanish; mashg'ulotlardan keyin sport inventarlarini belgilangan joylarga qayta topshirish; sport majmuasining belgilangan tartib-qoidalariga to'liq rioya qilish.

Bundan tashqari, o'quvchilarga quyidagilar tavsiya etiladi:

o'zining namunaviy xulqi va bilimi bilan atrofdagilarda o'quvchilik odobi haqida ijobiy taassurot hosil qilishga intilish; ko'cha-ko'yda bemaqsad yurmaslik, kattalarga hurmatda, kichiklarga izzatda bo'lish, jamoat transportlarida keksa, nogiron va yosh bolali yo'lovchilarga joy berish; doimo komillikka intilish, halollik va adolat bilan hayot kechirish kabi olijanob fazilatlarni chuqur anglash; o'z maktabi manfaati, uning sha'ni va nufuzi to'g'risida qayg'urish, ularni saqlashda jonkuyarlik qilish va ularga hurmat bilan munosabatda bo'lish.

 

 

(O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining  2013 – yil 28 – fevraldagi 74 – son buyrug'i bilan tasdiqlangan "Umumiy o`rta ta’lim maktab o`qituvchi va o`quvchilarining odob – axloq qoidalari” ning 26 bandidan olindi.)